← essays·Vibecoding maslahatlar · Episode 2 of 2

· 6 min read

Claude Code’ni “aqlli xodim” qilish uchun bitta fayl

Claude Code’ni “aqlli xodim” qilish uchun bitta fayl

Bu maqola sizga Claude Code tokenlarini kamida 2x tejashga va tezroq, sifatliroq kod yozishga yordam beradi.

AI bilan kod yozish juda tezlashib ketdi. Oldin bir necha soat ketadigan ishni hozir Claude Code bilan ancha tez qilish mumkin. Lekin bu yerda bitta muammo bor: Claude tez ishlaydi, ammo orqasidan kerakmas joylarni o‘zgartirib tashlaydi, 2 qator kod bilan hal qilinadigan muammoga 100 qator kod yozadi.

Aytaylik, siz undan bitta kichik joyni to‘g‘rilashni so‘raysiz. U esa yonidagi boshqa joylarni ham o‘zgartirib yuboradi. Yoki oddiy yechim yetarli bo‘lgan joyga murakkab yechim qilib tashlaydi. Xuddi ustaga “mana shu bitta rozetkani to‘g‘rilab bering” desangiz, u butun xonani remont qilib tashlagandek.

Muammo Claude yomonligida emas. Muammo unga ish tartibini oldindan aytmayotganimizda. Har qanday kuchli xodimga ham korxona qoidasi kerak. Qanday ishlash kerak, qayerga tegish mumkin, qayerga tegmaslik kerak, ortiqcha tashabbus qayerda zarar qilishi mumkin — bular oldindan aytilmasa, odam ham xato qiladi, AI tabiiy-ki xato qiladi-da.

Yaqinda bitta foydali GitHub repo topdim: andrej-karpathy-skills. Ichida tayyor CLAUDE.md fayl bor. Bu fayl Claude Code’ga qanday ishlash kerakligini o‘rgatadi. Repo muallifi uni Andrej Karpathy’ning AI kod yozishda qiladigan xatolari haqidagi fikrlaridan ilhomlanib qilgan. Asosiy g‘oya oddiy: Claude taxmin qilmasin, ortiqcha murakkablashtirmasin, kerak bo‘lmagan joyga tegmasin va ish tugaganini tekshirsin.


Bu narsa oddiy tilda nima?

Bu faylni Claude uchun ish tartibi desa bo‘ladi. Ya’ni siz CLAUDE.md ichiga shu qoidalarni qo‘shib qo‘yasiz. Keyin Claude Code har safar kod yozganda oldin shu faylni o‘qiydi va shunga qarab ishlaydi.

Bu xuddi yangi xodimga “bizda ish mana bunday qilinadi” deb yozib qo‘yilgan ichki instruksiya kabi. Siz har kuni unga “ortiqcha ish qilma, avval so‘ra, kerakli joygagina teg” deb tushuntirib o‘tirmaysiz. Qoida faylda turadi. U o‘qiydi. Keyin ishlaydi.

Repository ichidagi qoidalar 4 ta asosiy fikr atrofida qurilgan:

• avval o‘yla
• sodda qil
• faqat kerakli joyga teg
• ish tugaganini tekshir


1. Avval o‘yla

Claude Code ba’zida vazifani to‘liq tushunmasa ham ishni boshlab yuboradi. Bu odamda ham bo‘ladi. Xodim vazifani noto‘g‘ri tushunadi, lekin “tushundim” deb ishga kirishadi. Keyin oxirida ko‘rasiz — siz boshqa narsa kutgansiz, u boshqa narsa qilgan.

Bu qoida Claude’ga shuni aytadi: tushunmasang, so‘ra. 2 xil yo‘l bo‘lsa, ayt. Qaysi biri yaxshiroq ekanini tushuntir. Agar user aytayotgan yo‘l murakkab bo‘lsa, soddaroq yo‘lni taklif qil.

Bu juda muhim. Chunki kodda noto‘g‘ri taxmin qimmatga tushadi. Bitta noto‘g‘ri qaror keyin bir necha soat debugging, ya’ni kodni xatoliklardan tozalashga olib keladi.


2. Sodda qil

AI ba’zida oddiy narsani ham juda murakkab qilib yuboradi. Sizga kichkina yechim kerak bo‘ladi. U esa “kelajakda kerak bo‘lib qoladi” deb katta tizim qurib tashlaydi.

Lekin real loyihada sodda yechim ko‘pincha eng yaxshi yechim. Kamroq kod — kamroq muammo. Kamroq muammo — tezroq ish. Ayniqsa startupda yoki kichik jamoada bu juda muhim.

Bu qoida Claude’ga shuni eslatadi: so‘ralmagan narsani qo‘shma. Bir marta ishlatiladigan joyga katta tizim qurma. Oddiy yo‘l bo‘lsa, oddiy yo‘lni tanla.


3. Faqat kerakli joyga teg

Bu eng foydali qoida. Menimcha, AI bilan kod yozayotganlar buni albatta ishlatishi kerak.

Aytaylik, loyihada bitta joy buzilgan. Siz Claude’dan faqat o‘sha joyni to‘g‘rilashni so‘raysiz. Lekin u ba’zida yonidagi fayllarni ham o‘zgartirib yuboradi. Keraksiz comment’larni o‘chiradi. Ishlab turgan joyni “yaxshilab” tashlaydi. Natijada bitta muammo o‘rniga 3 ta yangi muammo chiqadi.

Bu qoida Claude’ga shuni aytadi: faqat kerakli joyga teg. Yonidagi kod chiroyli ko‘rinsa ham o‘zgartirma. Agar boshqa muammo ko‘rsang, ayt, lekin o‘zingcha o‘chirib tashlama.

Oddiy misol: shifokorga qo‘lingiz og‘riyapti deb bordingiz. U faqat qo‘lni davolashi kerak. “Ko‘zimga oyoq ham yoqmadi” deb oyoqni operatsiya qilib tashlamasligi kerak. Claude ham shunaqa ishlashi kerak.


4. Ish tugaganini tekshir

Claude’ga “mana buni qilib ber” deyish yetarli emas. U ish tugaganini qanday bilishi kerak? Mana shu joyda tekshirish sharti kerak bo‘ladi.

Masalan, “bug’ni to‘g‘rila” deyish o‘rniga, “shu muammo qayta chiqmasligini tekshir” deyish yaxshiroq. Yoki “forma ishlasin” deyish o‘rniga, “forma bo‘sh yuborilganda xato chiqsin, to‘g‘ri to‘ldirilganda saqlansin” deb aytish aniqroq.

Repo ichida ham shu g‘oya bor: AI’ga faqat nima qilishni emas, natija qanday tekshirilishini ham aytish kerak. Shunda Claude ishni shunchaki “qildim” deb qo‘ymaydi, natijani ham tekshiradi.


Qanday ishlatiladi?

Men bu qoidalarni CLAUDE.md faylim ichiga qo‘shib qo‘ydim. Sabab oddiy: Claude Code har safar loyiha ichida ishlaganda CLAUDE.mdni o‘qiydi. Agar shu fayl ichida “avval o‘yla, sodda qil, faqat kerakli joyga teg, ishni tekshir” degan qoida bo‘lsa, Claude har safar shu tartibda ishlaydi.

Ya’ni men unga har safar alohida tushuntirib o‘tirmayman. Bitta marta faylga qo‘shib qo‘yaman. Keyin bu qoida avtomatik ishlaydi.

Bu xuddi biznesda SOP qo‘yishga o‘xshaydi. Xodimga har kuni bitta ishni qanday qilishni boshidan tushuntirmaysiz. Bir marta yozib qo‘yasiz. Keyin odam shu tartibda ishlaydi. Claude Code bilan ham xuddi shunaqa.


Yangi project’da qanday o‘rnatiladi?

Agar yangi project boshlayotgan bo‘lsangiz, project papkasida terminal ochasiz va mana shu command’ni yozasiz:

curl -o CLAUDE.md https://raw.githubusercontent.com/forrestchang/andrej-karpathy-skills/main/CLAUDE.md

Bu command GitHub’dagi tayyor CLAUDE.md faylni olib, sizning project’ingizga qo‘yadi. Shundan keyin Claude Code shu fayldagi qoidalarni o‘qib ishlaydi.

Yangi project uchun bu eng oson yo‘l. 1 marta copy-paste qilasiz, bo‘ldi.


Oldindan bor project’da qanday qo‘shiladi?

Agar project’ingizda allaqachon CLAUDE.md bo‘lsa, uni o‘chirib yubormaslik kerak. Chunki ichida sizning project’ingiz haqida muhim ma’lumotlar bo‘lishi mumkin.

Bunday holatda mana shu command ishlatiladi:

echo "" >> CLAUDE.md
curl https://raw.githubusercontent.com/forrestchang/andrej-karpathy-skills/main/CLAUDE.md >> CLAUDE.md

Bu command eski CLAUDE.mdni saqlab qoladi. Faqat oxiriga yangi qoidalarni qo‘shadi. Ya’ni sizning project xaritangiz qoladi, ustiga Claude qanday ishlashi kerakligi haqidagi qoidalar qo‘shiladi.


Mening tavsiyam

Menimcha, CLAUDE.md ichida 2 xil narsa bo‘lishi kerak. Birinchisi — project xaritasi. Ikkinchisi — ish tartibi.

Project xaritasida loyiha nima qilishi, qaysi papka nimaga javob berishi, qanday ishga tushishi yoziladi. Ish tartibida esa Claude qanday kod yozishi kerakligi yoziladi: avval o‘yla, sodda qil, faqat kerakli joyga teg, ishni tekshir.

Birinchisi Claude’ga qayerda yurganini ko‘rsatadi. Ikkinchisi qanday yurishni o‘rgatadi. Xarita bo‘lsa-yu, haydovchi yomon haydasa, baribir muammo. Haydovchi yaxshi bo‘lsa-yu, xarita bo‘lmasa, baribir adashadi. CLAUDE.md ichida ikkalasi ham bo‘lsa, Claude ancha tartibli ishlaydi.

CLAUDE.md faylni qanday 1 ta prompt bilan ishlatish, o‘zi nega kerakligini alohida maqolada gaplashganmiz.


Bu kimga kerak?

Bu faqat professional developerlar uchun emas. O‘zim ham umuman dasturlashni tushunmayman )

Aksincha, AI bilan project qilayotgan founderlar, no-code/low-code mutaxassislar, kichik jamoalar uchun ham kerak. Chunki siz kodni chuqur bilmasangiz ham, Claude qanday ishlashi kerakligini oldindan aytib qo‘yishingiz mumkin.

Agar unga qoida bermasangiz, u o‘zi qaror qiladi. AI o‘zi qaror qilgan joyda esa xato qilish ehtimoli oshadi.


Xulosa

Claude Code bilan ishlashda maqsad ko‘p kod yozdirish emas. Maqsad — to‘g‘ri kod yozdirish.

Bu GitHub repo ichidagi CLAUDE.md Claude’ga yaxshi ish odatini o‘rgatadi. Avval o‘yla. Sodda qil. Kerakli joyga teg. Ishni tekshir. Oddiy, lekin juda foydali.

Men buni o‘zimning CLAUDE.md faylimga qo‘shib qo‘ydim. Endi Claude Code har safar kod yozganda shu qoidalar asosida ishlaydi.

Xullas, AI bilan kod yozayotgan bo‘lsangiz, buni bemalol ishlatib ko‘rsangiz bo‘ladi. 2 daqiqalik ish. Lekin keyin ancha vaqt va asabni tejashi mumkin.

Foydali bo‘ladi deb o‘ylagan odamingizga jo‘nating.

Manba matn:

Vibecoding bo'yicha alohida kanalim, har kuni 🥩 go'shtli postlar yozaman

Kanalga o‘tish